Oʻz burchlarimizni unutmaylik

Keyingi yillarda mamlakatimiz rahbarining tashabbuslari orqali sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohotlar fuqarolarimizning buzilgan huquqlarini sud orqali tiklash imkonini bermoqda.

Biroq, fuqarolarimiz oʻz huquqlarini yaxshi tushunib, ularni himoya qilish choralarini koʻrayotgan boʻlsalarda, ayrim hollarda oʻz burchlarini bajarishdan boʻyin tovlab kelish holatlari ham uchramoqda.
Vaholanki, asosiy Qonunimiz boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 59-moddasida barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan burchlarini bajaradilar deb belgilangan.
Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar.
Fuqarolar Oʻzbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart.
Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga majburdirlar.
Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni oʻtashga majburdirlar.
Konstitutsiyamizning 63-moddasida fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yigʻimlarni toʻlashi shartligi belgilangan.
Biroq, sudlarga soliq va kommunal xoʻjaligi sohasidagi idoralardan kelayotgan arizalar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim fuqarolarimiz Konstitutsiyamizda belgilangan oʻz burchlarini unutib qoʻyib, belgilangan soliqlar va yigʻimlarni, elektr energiya, gaz va ichimlik suvdan foydalanganlik uchun toʻlovlarni amalga oshirmasdan kelayotganliklari aniqlandi.
2024 yilning oʻtgan davri mobaynida fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan viloyatimiz aholisining soliq toʻlovlaridan, elektr energiyasi boʻyicha, gaz ta’minoti boʻyicha, ichimlik suvdan foydalanganliklari uchun yuzaga kelgan katta miqdordagi qarzdorliklarini undirish belgilangan.
Mazkur toʻlovlarni belgilangan muddatlarda toʻlamaganliklari oqibatida fuqarolardan yana qoʻshimcha ravishda davlat bojlari va pochta harajatlari uchun toʻlovlarni undirish choralari ham koʻrilgan.
Ushbu qarzdorlik oʻz vaqtida qoplansa, kelib tushgan mablagʻlar aholini ijtimoiy himoyasini koʻchaytirishga, gaz, elektr energiyasi va suv ta’minoti infrastrukturasini yaxshilashga, xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga qaratiladi.
Shu sababli, fuqarolarimizdan soliq va boshqa toʻlovlar boʻyicha burchlari va majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarishlarini soʻraymiz.


Namangan viloyat sudining fuqarolik
ishlari boʻyicha sudlov hay’ati sudyasi G‘.Darvishaliev