Davlatobod tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston - yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxona markazida Li Kang Xak boshchiligidagi Janubiy Koreyaning Kyongsan shahri delegatsiyasi aʼzolari bilan IT-Park rezidentlari hamda viloyatdagi dasturchi- frilanserlar oʻrtasida viloyatning IT-sohasi salohiyati va istiqbollari, shuningdek, IT-sohasida oʻzaro tajribalar almashinuviga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda rezidentlar hamda viloyatdagi dasturchi- frilanserlar oʻzlarining dasturiy ishlanmalari va loyihalari taqdimotini oʻtkazdilar. Jumladan, “Site Labs”, “Virtual Group”, “Tesn Data Soft”, “Grade up tech”, “Academy Senior IT”, “Flagy” MCHJ, “Jahon IT Tech”, “Boriga baraka”, “Nightmare Labs” MCHJlar biznes, tibbiyot, kompaniyalar boshqaruvi, taʼlim va koʻplab sohalarda oʻzlarining zamonaviy yechimlarini taklif qiluvchi dasturiy mahsulotlarini namoyish etishdi.
Mazkur uchrashuvdan koʻzlangan maqsad, IT-sohasida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, mahalliy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqilayotgan dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini yanada oshirish, shuningdek, oʻzaro tajribalar almashishdan iborat.
Raqamlarga yuzlansak, viloyatda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida jami 566 ta korxona mavjud, shundan 147 ta korxona dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Joriy yilning oʻtgan 6 oyida koʻrsatilgan aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 444,7 mlrd. soʻm, kompyuter dasturlash xizmatlari ichki aylanmasi 16,9 mlrd. soʻmni tashkil etdi.
2023-yil yakuni bilan rezidentlar sonini 40 taga, dasturiy mahsulotlar ichki aylanmasini 12 mlrd. soʻmga va eksport hajmini 1,5 mln. dollarga, oʻzini oʻzi band qilganlar sonini 4 300 nafarga yetkazish maqsad qilingan.