wrapper

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Namangan hududiy bo‘linmasida viloyat davlat soliq boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi tomonidan “Soliq qonunchiligini jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarining roli” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

 

Tadbirda mamlakatimizda soliq tizimini takomillashtirish, aholi va tadbirkorlarning soliq yukini kamaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, soliq qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etilayotgan yengillik va imtiyozlar o‘z samarasini berayotganligi bildirildi. E’tiborlisi, 2018 yilda korxona va tashkilotlar zimmasidagi soliq yukining kamayishi natijasida birgina Namangan viloyatida 100  milliard so‘mdan ortiq miqdordagi mablag‘ korxonalar ixtiyorida qolishi kutilayotganligi aytib o‘tildi.

Albatta, bu tadbirlar o‘z navbatida tadbirkorlik sub’ektlarining aylanma mablag‘larini ko‘payishi va ularni tovar mahsuloti ishlab chiqarish hamda sotish hajmlarini oshishi natijasida soliq solish bazasini kengaytirilishiga, shuningdek, byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar oldidagi boqimanda qarzdorlikni qisqartirilishiga, natijada esa soliq va to‘lovlarning yig‘uvchanlik darajasi oshirilishiga imkon yaratadi,-dedi viloyat davlat soliq boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig`i Bahodir Hamidov.

Prezidentimizning 2017 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Soliq va byudjet siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur hujjatlarda ham soliq yukini yanada kamaytirish, soliq solish mexanizmini har jihatdan soddalashtirishga, soliq ma’murchiligini takomillashtirishga yo‘naltirilganligi bilan katta ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Anvarjon Sattarov soliq tizimidagi bu kabi o‘zgartirish va imtiyozlar tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Birinchi navbatda, foyda va obodonlashtirish hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soliqlari birlashtirildi. Ilgari foyda solig‘i stavkasi 7,5 foiz, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i stavkasi 8 foizni tashkil etgan. Endilikda ushbu soliq stavkasi avvalgi 15,5 foiz o‘rniga 14 foiz qilib belgilandi hamda chegiriladigan xarajatlar tarkibi kengaytirildi. Xususan, Soliq kodeksining 147-moddasida keltirilgan 28 turdagi soliq solish bazasidan chegirilmaydigan xarajatlardan 10 tasini chegirish imkoni berilgani e’tirof etildi.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga asosan, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq kadastr qiymatidan kelib chiqib hisoblanishi hamda soliqning asosiy stavkasi kadastr qiymatiga nisbatan 0,2 foiz (2017 yilda 1,7 foiz edi) miqdorida va soliq hisoblashda kadastr qiymati 42 million so‘mdan (2017 yilda 3 million so‘m) kam bo‘lmasligi belgilandi.

Kadastr qiymati mavjud bo‘lmaganda soliq hisoblash uchun Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida 210 million so‘m hamda boshqa shaharlarda va qishloq joylarda 90 million so‘m miqdorida mol-mulkning shartli qiymati o‘rnatildi.

Shu bilan birga, soliq yuki 2018 yilda keskin oshib ketmasligi uchun kadastr qiymatiga asosan hisoblangan soliq summasi 2017 yilga nisbatan 20 foizdan ko‘p bo‘lmasligi belgilandi. Bunda Vazirlar Mahkamasiga jismoniy shaxslar mol-mulkining kadastr qiymatini aniqlash tartibini bir oy muddatda tasdiqlash topshirildi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari o‘rtacha 30 foizga pasaytirildi va tadbirkorlik sub’ektlarini faoliyat ko‘rsatayotgan joyiga qarab tabaqalashtirish kengaytirildi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar qaytarildi.

 Mamlakatimizda soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilishdagi faolligi, shuningdek, Vatandoshlarimizning soliq sohasidagi savodxonligini yanada oshirishda ko‘rsatgan fidoyiligi va jonkuyarligi uchun bir guruh ommaviy axborot vositalari xodimlariga viloyat soliq boshqarmasining tashakkurnomasi topshirildi.