wrapper

Namangan viloyati mudofaa ishlari boshqarmasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 13 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bir guruh chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Unda harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, chaqiriluvchilarning ota-onalari, yoshlar ishtirok etdilar.

Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Bozarov muddatli harbiy xizmatga belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan jismonan sog‘lom, yuksak intellektual salohiyatli chaqiriluvchilar jalb etilayotgani Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yanada oshirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidlab,  bo‘lajak askarlarga yigitlik burchini sidqidildan ado etishlarini tiladi.

Zaxiradagi podpolkovnik A’loxon Turg‘unov, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Shohsanam Usubjonova,  chaqiriluvchining onasi Muhayyo Badalova, harbiy xizmatga otlangan norinlik yigit No‘monjon Imomov, muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, imtiyozli ravishda Namangan davlat universitetining tarix yo‘nalishi talabasi bo‘lgan Shukurjon To‘xtasinov Vatan posbonlari safiga qo‘shilayotgan yigitlarga harbiy xizmatni munosib o‘tab, yorug‘ yuz bilan qaytishlariga ishonch bildirdilar.

Harbiy xizmatga yo‘l olayotgan yigitlar uchun dasturxon yozilib, osh tortildi, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. Viloyatimiz san’atkorlari ijrosidagi vatanparvarlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.