wrapper

2017 yil 4 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  “Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Mazkur hujjatda yuridik shaxslar, ya’ni korxona, tashkilot va muassasalarga qarashli avtomobillar haydovchilarning bundan buyon muntazam ravishda  o‘z malakalarini oshirib borishlari ko‘zda tutilgan.

Bu albatta, mamlakatimizda yo‘l-transport hodisalarinng oldini olishga va kamaytirishga qaratilgan tadbirdir. Ayni paytda uni insonlarning hayotini va salomatligini asrash to‘g‘risidagi g‘amxo‘rlik deb ham baholash mumkin.

Yuqorida qayd etilgan hujjatda bu ish Toshkent shahrida joylashgan va shu sohada muayyan tajribaga ega bo‘lgan "Avtotest Report” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga topshirilgandi. Qisqa muddat ichida MCHJ tomonidan mamlakatning barcha hududlarida yuridik shaxslarga tegishla avtomototransport vositalarining haydovchilari malakasini oshiradigan o‘quv markazlari barpo etildi.

Jurnalist Nurbek Abdullayevning yozishicha, huddi shunday muassasa Namangan shahrida ham ish boshladi. U 8 mart ko‘chasida yaqinda foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli binoda joylashgan. Markaz birinchi va ikkinchi qavatdagi  15 ta xonada ish olib boradi. Ularning to‘qqiztasi zamonaviy uskunalar, ko‘rgazmali vositalar bilan jihozlangan hamda mashg‘ulotlar olib borish uchun ajratilgan 30 soatlik dasturni o‘zlashtirgandan keyin test sinovlarini topshirish uchun alohida kompyuter xonasi ham mavjud. Bir vaqtning o‘zida olti kunga mo‘ljallangan o‘qishda mingga yaqin kishi qatnashishi mumkin.

  - Darslarni   tajribali mutaxassislar olib boradilar, - dedi markaz rahbari Burhonjon A’loxo‘jayev. -  O‘n sakkiz nafar o‘qituvchining  barchasi   “Avtotest Report” MCHJ qoshida tashkil etilgan tayyorlov kurslarida malaka oshirib qaytdilar. Bundan tashqari, ularning har biri haydovchilar tayyorlaydigan muassasalarda uzoq muddat davomida ishlaganlar. Hammalari oliy ma’lumotli.

 Masalan, Obidxon Abdullayev “Transkasb” uyushmasi tizimida qariyb o‘ttiz yil mehnat qilgan. Abdulhay Iminov esa Namangan avtomobil maktabida o‘n besh yil bo‘lajak harbiy haydovchilar tayyorlash ishiga hissa qo‘shib kelgan. Yoki Alisher Mirzaahmedovni olsak, u mana shu yo‘nalishdagi kasb-hunar kollejlarining birida dars berib, katta tajriba to‘plagan.

 Shu o‘rinda markazdagi mashg‘ulotlar faqat yo‘l harakati qoidalari yoki nazariy masalalar bilan cheklanib qolmasligini ta’kidlamoqchimiz. O‘quv markazi tinglovchilari hayotda yuz bergan yo‘l-transport hodisalarini zamonaviy texnik vositalar yordamida tahlil etadidar. Bu esa  shunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qanday ish tutish zarurligi to‘g‘risida xulosalar chiqarishga ko‘maklashadi. Tegishli texnik vositalar malaka oshiruvchilarga o‘zlarini bevosita voqea ishtirokchisi sifatida tutish imkonini beradi. Interfaol usuldagi mashg‘ulotlar, proektor  yordamida namoyish etiladigan slayd va lavhalar  saboqlar  samaradorligini ta’minlaydi. 

Darvoqe, o‘quv markazi ish boshlagandan beri mingdan ortiq haydovchilar malaka oshirishga ulgurdilar. Ular orasida “Vodiygaz” unitar korxonasi Namangan viloyat boshqarmasiga qarashli avtoxo‘jalik xodimlari ham bor. Bu tashkilot vakillaridan 195 kishi o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlab, faoliyatini davom ettirmoqda. Ularga belgilangan tartibga muvofiq sertifikatlar topshirildi. Husanboy Yo‘ldoshev ana shularning biri.

– Men o‘ttiz besh yildan beri mashina rulini boshqaraman, - dedi u. – Ayni paytda og‘ir vaznli “MAN” avtomobilida Qashqadaryo viloyatiga qatnayman. O‘zimcha tajribam zo‘r, o‘qishim shart emas deb yurarkanman. Bu yerdagi yuqori saviyada tashkil etilgan mashg‘ulotlar ko‘p esdan chiqib qolayozgan narsalarni esga soldi. Anchagina yangi bilimlarga ham ega bo‘ldim. Boshqa hamkasblarim ham shunday fikrda.