wrapper

Namangan shahridagi “Do‘stlik” buyum bozorida “Yoshlar ittifoqi kutubxonasi” ish boshladi.

 

Bozor ma’muriyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, hududdagi binolardan kutubxona uchun xona ajratildi va ziyo maskani nomiga munosib ravishda ta’mirlanib, jihozlab berildi.

– Hozircha 3 ming nusxadan iborat kitob fondiga ega ziyo maskani fidoyi yoshlar sa’y-harakati bilan shakllantirildi, – dedi kutubxona mudiri Nigora Usmonova. – Ya’ni, tashkilot faollari va a’zolari tashabbusdan chetda turmay, kutubxona uchun eng sara adabiyotlar namunalaridan tuhfa etdi. Ezgulikning qanoti bor, deganlari rost ekan, shaxsiy kutubxonasidan kitob keltirib topshirayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda.

Bozor ichidagi mo‘jaz kutubxonada kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish tegishli tartib-qoida asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ixcham stol-stullar bilan jihozlangan shinam “o‘quv zali”da bir vaqtning o‘zida 10 ga yaqin kitobxon mutolaa qilishi uchun qulay sharoit yaratilgan.

– Bozorda 300 savdo shoxobchasi mavjud, – dedi “Do‘stlik” buyum bozori rahbari Shuhrat Eshondadayev. – Har birida kamida ikki nafardan tadbirkor faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, bozor ishchi-xodimlari bilan birga 700 ga yaqin kishining kuni shu yerda o‘tadi. Ularning vaqt ajratib atayin kutubxonaga borish imkoniyati cheklangan, chunki biznesda "Vaqt – bu pul" degan qonuniyat mavjud. Mana endi, bozordagi tadbirkorlarning uzoqqa borishiga sira hojat yo‘q. O‘z ma’naviy ehtiyojlarini shu yerda ta’minlash imkoniyati yaratildi. Tevarak-atrofda yashovchi aholi, yoshlar ham kutubxona xizmatidan foydalanishlari mumkin.

Bunday kutubxonalar Namangan shahrining barcha bozorlarida ochilishi rejalashtirilgan.