wrapper

Namanganda “O‘zbekiston ayollarining 100 eng yaxshi innovatsion loyihasi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi "O‘zbekiston ixtirochi ayollari” uyushmasi tomonidan o‘tkazildi.

– Tanlovdan ko‘zda tutilgan maqsad ham ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi doirasida faoliyat yuritayotgan tadbirkor va olima xotin-qizlarning izlanishlarini rag‘batlantirishdir, – deydi viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi “Ixtirochi ayollar” uyushmasi raisi, Namangan davlat universiteti doktoranti Aziza Turg‘unboyeva. – Bugun tanlovga taqdim etilgan innovatsion loyihalar, kelajakdagi ahamiyatidan qat’i nazar, yurtimiz xotin-qizlari o‘rtasida ilm-fan va tadbirkorlik yo‘nalishida faollik ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Tanlovda ziyoli, tadbirkor, hunarmand va ilmiy ish ustida izlanayotgan ayollar, oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan talaba-qizlar, 35 yoshgacha va undan katta yoshdagi xotin-qizlar tibbiyot, ta’lim, sport, ilm-fan yo‘nalishidan tortib, maktabgacha ta’lim, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, milliy hunarmandchilik, turizm va ijtimoiy masalalarni qamrab olgan turli yo‘nalishlar bo‘yicha 20 ga yaqin mavzudagi yangi innovatsion loyihalarni namoyish etdi.

Ta’kidlash joizki, aksariyat nominatsiyalar bo‘yicha taqdim etilgan loyihalarning barchasi o‘zining iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati bilan diqqatga sazovordir. Masalan, manzarali gullar kasalliklariga qarshi kurashish choralaridan tortib, jamiyatni ruhiy va axloqiy sog‘lomlashtirishda kreativ yondashuv, yoshlarni oilaga tayyorlashda psixologik yondashuv, hunarmandchilik turizmini rivojlantirish va pedagogik yo‘nalishlar singari o‘nlab sohalar istiqboliga doir ixtirolarni qamrab olgan.

– Qand jo‘xori poyasidan fruktoza siropi va konsentratlarini olish texnologiyasi bo‘yicha innovatsion loyiham bilan qatnashdim, – deydi Namangan muhandislik texnologiya institutining qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi kafedrasi assistenti Shoira Sodiqova. – Bunda qand jo‘xori poyasidan 35 foizgacha fruktoza siropini olish mumkin. Mazkur sirop asosida tayyorlangan konserva – qandli diabet xastaligini davolashda import o‘rnini bosadigan mahsulot tayyorlash imkonini beradi. Qand jo‘xori yetishtirish rentabelligi 29 foizgacha ko‘tarilishi loyihaning iqtisodiy samaradorligidan dalolat.

G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.