wrapper

Shu kunlarda viloyatimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” shiori ostida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bayram tadbirlari yangi shaklda, xalq kayfiyatiga hamohang, ko‘tarinki va ta’sirchan ruhda tashkil etilmoqda.

 

Harbiy-vatanparvarlik festivali doirasida sport marafoni o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilari Qurolli Kuchlarimiz foydalanayotgan harbiy texnika va qurollarni tomosha qilib, harbiylar uchun dala sharoitida yaratilgan shart-sharoitni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar.

Munis va muhtarama onaxonlarimizga ehtirom ramzi sifatida “Askarlar onalarini sharaflaymiz”, mamlakatimizning boshqa viloyatlarida o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan harbiylar bilan ularning sinfdosh do‘stlari o‘rtasida videomuloqot tarzida “Mening do‘stim – Vatan himoyachisi!” tadbirlari ham tashkil qilindi.

Namangan shahrida harbiy xizmatchilar uchun qurilgan ikkita 3 qavatli uy bayram arafasida foydalanishga topshirildi va 36 harbiy oila Vatan himoyachilari kunini yangi xonadonda nishonladi.

Tarix uchun qisqa fursat bo‘lgan o‘tgan 26 yil O‘zbekiston Qurolli kuchlarining tashkiliy va tarkibiy jihatdan zamon talablari darajasida takomillashuvida muhim rol o‘ynadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, keyingi yillarda mamlakatimiz mudofaa qudrati mustahkamlanib borayapti. Hududlarda harbiy-ma’muriy sektorlarning tashkil etilishi zamirida ham mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalqning yakdilligini ta’minlashdek ezgu  maqsad mujassam.

Bugun viloyatimizda O‘zbekiston Respublikasi  Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni keng nishonlandi.

Namangan shahridagi Xotira xiyobonida harbiy orkestr sadolari yangradi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozarov Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Bu muqaddas joy davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan qo‘yilgan gullarga burkandi.

Xotira xiyobonidan  viloyat musiqali drama teatrigacha harbiy xizmatchilarning saf ko‘rigi tashkil etildi. Harbiylarning shaxdam qadam bosishlarini, harbiy texnikalar yurishini ishtirokchilar olqishlar bilan kuzatdilar.

Viloyat musiqali drama teatrida tashkil etilgan tantanali tadbirga viloyatimiz faollari, askar va serjantlar, ofitserlar, ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari taklif qilindi.

Tantanada O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigini viloyat hokimi Xayrullo Bozarov  o‘qib eshittirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12 yanvardagi farmoniga muvofiq, Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 26 yilligi munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhi Vatanimizning yuksak mukofotlari – orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Tantanali tadbirda davlat mukofotlari, viloyat hokimligining tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alari o‘z egalariga guldiros qarsaklar ostida topshirildi.

 – Yurtimizning tinchligi, osmonimizning musaffoligi xalqimizning eng katta boyligidir, – dedi «Shuhrat» medali sohibi, Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv otryadi guruh komandiri Oybek Mamadaliyev. – Bu mukofot menga kuch-g‘ayrat baxshida etdi. Mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida bor bilim va kuchimni ayamayman.

Tantanali tadbir ishtirokchilari e’tiboriga konsert dasturi namoyish qilindi.

Bayram tadbiri “Shodiyona” tantanalar majmuasida to‘kin dasturxon atrofida, ezgu tilaklar izhori bilan davom etdi.