wrapper

Bugun Namangan Davlat universitetida "O'zbekiston Konstitutsiyasi - jamoatchilik nazoratini ta'minlashning huquqiy kafolati" mavzusida seminar bo'lib o'tdi.

"KONSTITUTSIYAMIZNING MUALLIFI VA IJODKORI BIRINCHI PREZIDENTIMIZ HAMDA XALQIMIZDIR!" deya ta'kidlashdi ma'ruzachilar
Unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasining a'zolari, viloyatdagi nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, NamDU talabalari va professor-o'qituvchilari hamda OAV vakillari jam bo'ldilar.


Seminarni viloyat hokimining o'rinbosari Paxriddin Matkarimov ochdi va olib bordi.
Dastlab Qo'mita raisi, taniqli siyosatshunos va qomusiy olim Akmal Saidovning qimmatli ma'ruzasi tinglandi. Konstitutsiyamizning yaratilish tarixiga doir qiziqarli va ahamiyatli nutqdan yig'ilganlar, ayniqsa, talaba-yoshlar ko'plab foydali ma'lumotlarga ega bo'ldilar. Mehmon universitet kutubxonasiga kitoblar ham sovg'a qildi.


Shundan so'ng siyosiy fanlar doktori, NamDU professori Tursunboy Fayzullayev, Parlamentning Yoshlar masalalari bo'yicha Komissiya a'zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi eng yosh deputat, hamyurtimiz Ibrohim Hojiyevlar so'z olib, hayotbaxsh qonun - Bosh Qomusimizning samaralari, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning odilona va xalqchil siyosati xususida gapirdilar.
Seminar yakunida savol-javoblar bo'ldi. Taniqli shoir Ziyoviddin Mansurov yangi yozgan "Konstitutsiyanoma"sini o'qib berdi. NamDU rektori, texnika fanlari doktori Abdusalom Umarov barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirdi.

Orifjon JO'RAYEV,
"Namangan sadosi" gazetasining maxsus muxbiri.