wrapper

Xalqaro press klubning navbatdagi sayyor anjumani 11 avgust kuni Namangan viloyati Namangan shahar hokimligining katta majlislar zalida bo’lib o’tdi.

Anjumandan oldin Namangan viloyati hokimi bilan “Tet-a-tet”, ya’ni “Yakkama-yakka” muloqot bo’lib o’tdi. Bir soatdan ortiq davom etgan ushbu muloqotda viloyat hokimi Hayrullo Bozarov viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdan tortib shaxsiy xarakterdagi savollargacha ochiq javob berdi.

Anjumanda Namangan viloyati, shahar va tumanlar hokimlari, barcha boshqarmalar, jamoat tashkilotlari rahbarlari va OAV vakillari ishtirok etdilar.

 “Namangan: Ijtimoiy-iqtisodiy isloxotlar, bunyodkorlik va strategik rivojlantirish” mavzusidagi anjuman 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasining viloyatdagi ijrosi, davlat va hududiy dasturlarning bajarilishi, hududda sanoat, turizmni rivojlantirish kabi dolzarb masalalarga bag’ishlandi.

Namangan viloyati hokimi X.Bozarov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burxonov va boshqalar Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning 2017 yil 7 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishdagi ahamiyati haqida so’z yuritdi. Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining viloyatdagi ijrosi tahlil etildi.

To’g’ridan-to’g’ri efirga uzatilgan dasturda Namangan viloyatining o’ziga xos va mos an’analari, udumlari, zamonaviy rivojlantirish ssenariylari haqida bafurja ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, anjuman davomida ishtirokchilar yoshlar ta’lim-tarbiyasi, to’y-ma’rakalarni ixcham va kamchiqim qilib o’tkazish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko’rsatish, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, Namangan shahrida amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari haqida mulohaza yuritib, o’z taklif va tashabbuslarini bildirdi. Viloyat aholisi esa telefon, internet orqali o’zlarini qiziqtirayotgan savollar bilan murojaat qilib, mutasaddilardan javob oldi.

Xalqaro press klubning Namangandagi sayyor sessiyasi yakunida televidenie orqali xalq bilan bevosita muloqotni yo’lga qo’yish maqsadida klubning viloyatdagi filialini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.