wrapper

Gullar shahri Namanganga xos ushbu maftunkor va betakror bayramga professional va havaskor gulchilar, korxona, tashkilot va muassasalarning gulchilari taklif etilgan.

1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayramining fayzli oqshomi. Tantanali taqdirlash marosimi. Hamma hayajon og’ushida.

 G’oliblar birin-ketin "Eng orasta mahalla", "Eng orasta ko’cha", "Eng orasta tashkilot", "Eng orasta uy-joy mulkdorlar shirkati", "Eng orasta xonadon", "Eng orasta rahbar ko’chasi" nominatsiyalari bo’yicha qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlandilar.

Va nihoyat oliy o’ringa Namangan shahridan gulchi Obidxon Qodirov va tashkilot – viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi munosib ko’rildi. Ularning har biriga «Matiz» avtomobili topshirildi. Faxrli o’rinlarni egallaganlarga esa televizor, kompyuter, noutbuk, velosiped va qimmatbaho gilamlar taqdim etildi…

5 kun davom etgan gul bayrami nafaqat kunduzi, balki kechki payt ham tashrif buyuruvchilar bilan gavjum bo’ldi. Bog’ning tungi ko’rinishi o’ziga xos tarovat kasb etdi. Maxsus yoritgichlar, turli rangda nur sochuvchi, jilo beruvchi chiroqlar bilan bezangan bayram “qahramonlar” yalt-yult ko’ylagini kiyib oldi. Gul shaydolarini kishini hayratga soluvchi manzaralar qarshi oldi.

Inson, deyarli har kuni ma’lum bir daqiqalarni dam olishga, nafas rostlashga, istirohat qilishga ajratadi. Ayniqsa, sershovqin joylarda ishlash yoki shahar ko’chalaridagi tovushlarni eshitish, diqqinafas havoda yurish, shuningdek, kishilar o’rtasida mehr-oqibatning ko’tarilgani hamda hayot tashvishlari sabab inson organizmi susayib, uning asabi tez charchab qoladi.   

Shunday holat yuz berganda, so’lim va salqin joylarga borib dam olish, kayfiyatini ko’tarish ishtiyoqi tug’iladi.

Namangandagi Bobur bog’i bundan keyin ham kishilarni hamisha o’ziga chorlab turaveradi. Chin dildan so’z ochib, “Bir kelib keting gulbog’imizga!” deb qolamiz. Xushbo’y hidlar esa faqat mamlakatimiz emas, uning sarhadlaridan ham o’tib, keng olamga taralaveradi.

                      Orifjon  JO’RAEV.