wrapper

1961-yil 19-avgust. Bu Namanganda birinchi marta tashkil etilgan "Gul bayrami"ning tarixiy sanasi.

 

Bilasiz, Namangan - gullar shahri. Bu sharafli va mashhur nomga ega bo’lish sababi bilan bog’liq rivoyat bor ekan. Bu rivoyatni keksa bilimdon kishilar aytib berishdi. Unda keltirilishicha, Buxoro hukmdorlaridan biri Namangan atrofidan o’tayotib, shu yerda to’xtab, dam oladi. Bu ajoyib, bahavo maskan unga juda yoqib qoladi. Bu yerda shahar barpo qilishga maxsus yorliq chiqaradi. Yorliqda shaharning to’rt fazilatga ega bo’lishi, ya’ni go’zal, so’lim, obod va gullar shahriga aylanishi kerakligi alohida ta’kidlab o’tilgan...

Xiyobon va gulzorlarga 3-4 navdagi gullar ekib, parvarish qilgan dastlabki gulchilar To’qmullaboy qori, Nuriddin hoji va Abduxalil akalar edi. 1935-yili ular safiga respublikada xizmat ko’rsatgan gulchi-agronom Abduqahhor Jalilov kelib qo’shildi. A.Jalilov shu yili gulchilik tarixida birinchi marta jonli gullardan chaqiriqlar, gilamnusxa bezakli yozuvlar, kun va oylar nomini tayyorlab, bog’da namoyish qildi.

Shuningdek, Abduqodir Nasriddinov, Eshondada Alixonov, Qozoqjon Jalilov, Nuriddin Hamdamov, Yo’ldoshboy Rahimov kabi zahmatkash gulchi-bog’bonlarning nomlari katta hurmat-ehtirom bilan tilga olinadi.

Namanganlik tarixchi va jamiyatshunos Yusufjon Ismoilovning "Namangan faxri" kitobida yozilishicha, hozirgi Bobur bog’iga birinchi marta 1933-yili gul ko’chatlari o’tqazilgan. Manzarali daraxtlarning ekila boshlanganiga esa 135 yil bo’ldi.

Bundan tashqari, 1960-1970-yillarda shahrimizdagi ko’plab ko’chalarning o’rtasi yoki ikki chetida gulxonalar tashkil etish boshlandi.                      

Alalxusus, ko’chalarimizdagi, tashkilot, korxonalarning xiyobonlarida anvoyi gullarning ochilib turishi, go’zallik shaydolari, gul ishqibozlari sonining ortib borishi gullar ko’rigi yoki gul bayrami o’tkazilishini taqozo qildi. 60-yillari hatto atirgul bayrami ham uyushtirilgan va keyinroq bu bayram "Gul bayrami" bilan birga o’tkaziladigan bo’ldi.

Gul bayramini tashkil etishda, xiyobon-u ko’chalarni gulga burkashda shahrimizning o’sha paytdagi rahbarlari Melixon Ibrohimova, Tursun Ro’ziboyevlarning tashkilotchiligi va ko’plab gulchilarning hissalari beqiyos bo’lgan.

Bundan 57 yil avval dastlabki bayramda havaskor gulchilardan 16 kishi qatnashgan ekan. Unda "Nur" kombinati, 2-paxta tozalash zavodi, "Paxtaliko’l" davolash sanatoriysi, 2-viloyat shifoxonasi (hozirgi Go’zal), 4-, 20-maktablar va boshqa tashkilotlar o’z gullari bilan ishtirok etishgan.

       Tarixiy ulkan sa’y-harakatlar tufayli shahrimizning gullar va go’zallik shahri ekanligi isbotlab berildi. Shunday qilib, bu ajoyib tadbir ko’pchilikni o’ziga maftun etgani uchun har yili "Gul bayrami" o’tkazish an’anaga aylanib qoldi...

Orifjon  JO’RAEV.