wrapper

BOSGAN  IZLARINGIZ  GUL  BO’LSIN!

Bog’ va gulzorlar – nozikta’b, mehnatsevar insonlar va ona tabiat saxovati natijasida yuzaga keladigan go’zallik namunasi yoki betakror san’at asari hisoblanadi. Mazkur san’at namunasining o’ziga xosligi shundaki, u kishiga ko’rish va hid bilish a’zolari orqali faol ta’sir ko’rsatadi. Odamlarga zavq-shavq, bardamlik, tetiklik, quvonch bag’ishlaydigan bunday go’zallik maskanlari har birimizni o’ziga ohanrabodek tortadi.

 

Namangan shahrida O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26 yilligiga hamda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»ga bag’ishlab 2017 yil 27 maydan 1 iyungacha an’anaviy “Gul bayrami” ko’tarinki ruhda bo’lib o’tdi.

Bu yilgi "Gul bayrami"ning o’ziga xos jihatlari xususida. Birinchidan, avgust oyida o’tkaziladigan bu bayram ko’pchilikning talab va istaklariga ko’ra, may oyiga ko’chirildi. Ikkinchidan, bayram kunlari davomiyligi uzaytirildi. 5 kun muddat ichida gulchilar, mehmonlar, gul ishqibozlarining o’zaro tanishish, erkin muloqot qilish, fikr almashish, tajriba o’rganish, tomosha qilishlari uchun har jihatdan qulaylik yaratildi. Ya’ni ular gul ko’rgazmalari va gulchilar faoliyati bilan batafsil tanishishlari e’tiborga olindi.

Bu safar bayram gul mavsumi - bahor va yoz o’rtasida o’tkazilayotgani ayni muddao bo’ldi. O’ta nozik did bilan betakror shakllar orqali gullarni ekish, parvarishlash ishlari har yilgidan boshqacha. Yuksak tashkiliy tayyorgarlik va ijodiy yondashuv yaqqol ko’zga tashlanmoqda.

Shu o’rinda mehnat jamoalarining tashabbuslari haqida to’xtalsak. Ta’kidlash joizki, har qaysi soha o’zining yo’nalishi, mutaxassisligi va qiziqishlaridan kelib chiqib, g’oya yaratgan. Masalan, jonli gullar vositasida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar lira musiqa asbobini, yana bir kollej vazadagi gulni, biri esa milliy gilam va do’ppi naqshini, qolganlari kitob, quyosh, olimpiya xalqasi va mash’alasi, xonqizi, quyon, kapalak, tovusni aks ettirishgan. Bular orasida Namangan shahar milliy hunarmandchilik kolleji tomonidan kattagina tor cholg’u asbobini gullar orqali tiklagani barchaning qiziqishini birdek uyg’otdi.

Namangan shahar pedagogika kolleji O’zbekistonni rivojlantirish bo’yicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasining logotipini rangli gullar orqali, shuningdek, Pop-Angren temir yo’lining umumiy ko’rinishi, Qamchiq tunnelidan poyezdning o’tganini mohirona aks ettira olishgan. Shu kabi misollar jamoalarning tashabbuskorlik va iqtisodiy salohiyati, masalaga ijtimoiy jihatdan yondashuv darajasini ham belgilab bergani bilan ahamiyatli.

Mehnat jamoalari qo’shimcha kompozitsiya sifatida o’tmishdan sado beruvchi kichik charxpalak, arava, ko’za, shuningdek, favvora, hovuzcha, savatcha, humo va oqqush, ramziy darvoza, uycha, turli qushlar va hayvonlar maketi, daraxt qismlari va boshqalardan keng foydalanishgan. Ayniqsa, viloyat suv xo’jaligi boshqarmasining sohani eslatuvchi kichik sun’iy ekinzor va bog’lar, tog’lar, ariq, soy, kanal va daryolarni hosil qilishganiga qoyil qoldik.

Viloyat sog’liqni saqlash, gaz, moliya boshqarmalari, Markaziy va tijorat banklari, elektr tarmoqlari korxonasi, aloqa sohasi, shahar tibbiyot birlashmasining landshaft dizaynidan o’ziga xos yondashuvlari ko’pchilikning e’tiborini tortdi. Shahar tibbiyot birlashmasi soha ramzi, inson tanasi ichki a’zolarining harakatini ifodalagan, kichik hovuzdagi nilufar guli va o’rdakchalar badiiy kompozitsiyani yanada boyitgan.

Viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi keng joyni egallagani va aniq tasavvur beruvchi ko’rinishlarni aks ettirgani, katta tayyorgarlik ko’rgani shundoq bilinib turibdi. Namangan Davlat universiteti, Namangan muhandislik-qurilish hamda Namangan muhandislik-texnologiya institutlari va viloyat kasaba uyushmalari tashkiloti, "Paxtasanoat" jamoalarining ishi tahsinga sazovor. Ular yangi barpo etilgan "Nuroniylar maskani"ga tutash bog’ning eng chekka, avvallari xilvat, qarovsiz joy bo’lgan qismini obod va ko’rkam, so’lim va fayzli go’shaga aylantirishibdi. Tinib-tinchimas xalq ta’limi tizimi xodimlari 20 ga yaqin kompozitsiyani qiziquvchilarga havola etishgan.

Xullas, aravachaning ichi to’la gul, g’ildiragi va dastasi gul. Gullar qushga aylangan, qushlar qanoti gul, tumshug’ida gul tashiydi. Turli tasvirlarga ishora kamalaknusxa gullar... Temir gul ko’tarmalar ham gulga do’ngan, rayhondan tortib chetdan keltirilgan gullar o’tqizilgan tuvak va tog’orachalar ham milliy naqsh va belbog’ga ko’milib, ular ham gulga o’xshagan. Gul shaklini olgan, gullarni akslantirgan gullar, gultoshlar, gulsandiq, gulqo’ng’iz, gulkapalak, gulko’prik, gulo’rindiq, gulyo’l va gulsimlar... ariqlarda gul oqadi, qizlar, gullar, daraxtlar bir-biriga gul otadi...

Istirohat bog’ining shundoqqina kiraverishida paxta gulli kattakon choynak, piyolaga duch kelasiz. Hunarmand Ne’matjon Soliyev ijodiga mansub bu amaliy san’at asarining ramzu ishorasida gullar shahrining mehmonnavozlik fazilati ifodalanayotganday...

Ko’zalardan oqayotgan turfa gullar chamani iqtisodiyotimizning qudratli va barqarorligiga ishoradek. Gul orqali yozuvlar, xususan, O’zbekiston va Namangan yozuvlari, davlatimiz va viloyatimiz xaritalarining mohirona ifodalangani hech kimni befarq qoldirmaydi.

Bularning hammasi sun’iy deb o’ylashingiz aniq. Faqat va faqat tabiiyligi, maftun-korligi hayratingizni oshiradi. Eh-he, barini sanaguncha o’zingiz ham gulga aylanasiz. Ruhiyatingiz ham gullay boshlaydi. Gullar xiyoboni xayolingizni band etadi. Gul terapiyasi, gul bilan davolash, uning ruhiyatga ijobiy ta’siri to’g’risida eshitgansiz, albatta…

QAYGA  BORSANG  YOG’AR  GUL

Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog’i viloyatimiz tumanlari, shahrimiz ahli va mehmonlari bilan gavjum bo’ldi. Istiqlol nuri va nasimidan yashnab, obodu ko’rkamlashgan bu ajib oshyonda bayram shukuhi o’zgacha kayfiyatda nisholandi.

- Shahar obodonlashtirish unitar korxonasiga qarashli gul ko’chatlari yetishtirish tarmog’i (pitomnik) tomonidan joriy yilning o’zida shahrimiz ko’chalari, bog’ va xiyobonlarga 1 milliondan ortiq gul ko’chatlari yetkazib berildi va ekildi. Tashkilot, korxona va muassasalar uchun esa xususiy havaskor gulchilar turli navdagi gul ko’chatlari tayyorlab berdilar va ular gurkirab, yashnab turibdi.

Viloyatimiz markazidagi Bobur bog’iga bir kunda 20 ming kishi sig’ishi va kelib-ketishini inobatga olsak, 5 kun davom etgan gul bayramida o’rtacha 100 mingdan ziyod  tomoshabin qatnashganining o’zi katta raqam, - deydi bog’ direktori Muhiddin Tursunov.

Gulchilik tajribasi... San’atni kasb etib, mahorat bilan gul yetishtirish, gul yaratish ishqida yongan, tushida ham gul ko’ruvchi bu nafosat egalarining qalbi yorug’, qo’li gul. Xonadon va ishxona uchun mo’ljallangan ajoyib gullar. 57 yoshli kaktus guli. O’zimizning eng xushbo’y, iforli rayhonimizdan tortib, uzoq o’lkalardan keltirilgan «orxideya», «gartenziya», «anterium», «moxolovka», «buguvela», «flargoniya», «arukariya», «malachay», «magnoliya», «fonaseta», «tsikas», «kraton», «petunya», «shafran», «tachites», «verbinya», «katarantus», «sinerariya», tuvakda yetishtiriladigan «redrobin» pomidori, xitoy atirguli kabi noyob gullar va manzarali o’simliklar urug’larini malakali gulchi-bog’bonlar bizning iqlimga moslashtirib, ko’chatlarini tayyorlamoqdalar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2016-yil 2-noyabrdagi Namangan viloyati saylovchilari bilan bo’lgan uchrashuvda shunday e’tirof bildirgan edilar: "Men qachonki go’zal va betakror Namangan zaminiga kelsam, bu yerdagi ko’cha va xiyobonlar, maydonlarda yashnab turgan gul-chechaklarni, so’lim va orasta manzillarni ko’rib, ochig’i, bahri dilim ochilib ketadi".

- Bu yilgi gul bayramiga katta tayyorgarlik ko’rildi. Hatto, yaqinda viloyat hokimligi tashabbusi bilan bir guruh vakillardan iborat delegatsiya Janubiy Koreyaga ham borib, u yerdagi gulchilikka oid tajribalarni o’rganib keldik. Bayramning nufuzi, geografiyasi bu yil ancha kengaydi. Shunga yarasha hozirlik ishlari bajarildi, - deydi Namangan shahar hokimining o’rinbosari Saidahmad Sultanov. – Kuzatgan bo’lsangiz, bugun shahrimizdagi barcha korxona, tashkilot, muassasalar binolari oldida gullardan iborat kompozitsiyalar o’rnatildi. Mahallalarda, bog’ va xiyobonlarda keng ko’lamdagi obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlari namunali tarzda tashkil etildi. Shuningdek, gul bayramining 57 yilligini tarannum etuvchi ko’rinishlar, gullarni turli "fantaziya"lar qilib ekish, ularning doimiy bo’lib qolishiga va eng saralangan navlari xilma-xilligini ta’minlashga alohida e’tibor berildi.

       "Nafosat" gul ishqibozlari yetakchisi, mehnat faxriysi Dilbar Sodiqovaning ta’kidlashicha, Davlatimiz rahbari taklif va tashabbuslari bilan bayramimizning ko’lami, mazmundorligi nihoyatda kengaydi, yanada sayqallanib, keng quloch yoydi. Har xil shakl-shamoyildagi chappar urgan gul-chechaklarni o’stirgan, gulsavat-u gulchiroqlarni pardozlagan ijodkor hamyurtlarimizning topqirligi gul sayli qatnashchilarining ehtiromiga, e’tirofiga sazovor bo’lmoqda…  

"Men go’zallarning emas, go’zallikning, go’zallik yaratuvchilarining maftuniman", degan ekan donishmandlardan biri. Gul ham tirik jon. Unga mehringizni, qalb qo’ringizni bersangiz, yayrab-yashnaydi. Shoirona aytganda, bunda har gul mehrga payvand. Gullarni tomosha qilib, bahru dilingiz ochiladi, ko’nglingizdagi charchoqlar, g’uborlar yozilganini bilmay qolasiz.

- To’g’risi, gul bayrami tashkilotchilariga va namanganliklarga havasim keldi. Ularning xursandchiligiga sherik bo’lgani oilaviy keldik. Gulni yaxshi ko’ramiz, qayerga borsak, gul olamiz. Uyimizda mo’jazgina gulxonamiz - 300 ga yaqin gulimiz bor. Gul bilan do’stlashgan insondan yomonlik chiqmaydi. Qadrdonlarim bilan diydorlashganimdan behad baxtiyorman, - deydi biz bilan suhbatda qo’shni Qirg’iziston Respublikasining "Munduz turist" nomli xalqaro turistik kompaniyasi bosh direktori Umarjan Yosiddinov.

Xorijiy mehmon - Turizmni rivojlantirish agentligi vakili, Fransiyalik Ines Degres xonim esa "Bunday ajoyib rangdagi gullarni endi ko’rishim. Bizda gullarni deyarli issiqxonada yetishtiriladi. Darvoqe, bizda parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarish rivojlangan va mashhur. Qiziq ma’lumot: attorlarni, ya’ni hid bilish qobiliyati kuchli bo’lgan mutaxassislarni "burun" deb ataymiz. Bu yerdagi anvoyi gullarning betakror atri, tarovati, meni lol qoldirmoqda", deya taassurotlarini o’rtoqlashdi. Shuningdek, bayramning ochilish marosimida qatnashgan xitoylik mehmonlar Xua Min va Gao Chin, koreyalik mehmonlar Su Bin va Bey Jinsular ham sayl juda yoqqanini, gul bayrami sanoqli mamlakatdagina o’tkazilishini alohida qayd etdilar. Ular ta’kidlaganlaridek, O’zbekiston - quyoshli yurt, buni gullarning rangi va iforidan ham yaqqol bilsa bo’ladi...

KATTA  TO’YXONAGA  O’XSHAR  NAMANGAN

Bog’ning bosh darvozasi. Ramziy darvoza oldida jozibador gul kompozitsiyalari: yerlar maysalar bilan yopingan, yerning ko’ksiga maxsus gul  manzarasi ishlangan. Gul ichiga qizlar berkinganini zo’rg’a ajratasiz. Yani ular guldan chambarak o’rab, toj kiyishgan, gul libosga burkangan. Kiraverishdagi favvoraning tomchilarida rango-rang gullar tovlanadi. Shishirilgan sharlar va sun’iy gullar uyatda qolganidan xijolatda. Eng ahamiyatlisi, bu yashnamoqlikdan, musobaqadan shahar hokimligi binosi va bog’ atrofidagi tabiiy gullar ham chandon ochilib ketgan.

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi loyihasi bilan O’zbekiston xaritasi guldan tuzilgan, tiklangan gul to’shamiga "57-GUL BAYRAMI" yozuvi tushirilgan. Viloyat asosiy maydoni - "Tinchlik" stellasi oldidan boshingizga gul yog’iladi, poyingizga gul sochiladi, qo’lingizga gul tutqazishadi. Bunga xiyobonda to’ntarilgan, ichiga gul to’lgan soyabon shakli ishora berayotgandek...

57-an’anaviy "Gul bayrami"ning ochilish marosimi. Namangan shahar madaniyat bo’limi tomonidan tayyorlangan badiiy-musiqiy dastur hayajonni oshirdi. Azim Toshkentdan kelgan el suygan xonanda, ismi ham gul bilan boshlanuvchi hamyurtimiz Gulasalning "Gul tutgin, azizim" qo’shig’ida gullar raqsga tushadi. Yana uning ijrosidagi "Mani borar joyim o’shal Namangon" qalblarga surur baxsh etadi. Lobar qizlar, jamalaksoch qizchalar Namanganning ayollari go’zalligining gulga qiyoslanishini eslatdilar.

Bayram tantanalarida viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Bozorov, shahar hokimi Bahodir Bekxo’jaev, poytaxtlik va xorijiy mehmonlar, hokim o’rinbosarlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehmonlar, nuroniylar, iqtidorli yoshlar ishtirok etdilar. 

Dastlab viloyatimiz rahbarlari va mehmonlar esdalik uchun gul ko’chatlari o’tqazishdi. Yosh rassomlarning tasviriy san’at asarlarini va bolajonlarning quvnoq chiqishlarini tomosha qildilar.

Saylda 300 ga yaqin korxona, tashkilot, muassasalar jamoalari, nafaqat viloyatimiz, balki Andijon, Farg’ona, Qo’qon, Marg’ilon, Toshkent shaharlaridan, Xorazm, Samarqand, Buxoro kabi respublikamiz viloyatlarining 30 ga yaqin shahar, tumanlaridan hamda Janubiy Koreya, Rossiya, Xitoy, Qozog’iston, Qirg’iziston davlatlaridan - 10 dan ortiq xorijiy davlatdan mehmonlar kelishdi.

200 dan ziyod usta va havaskor gulchilar o’z ko’rgazmalari bilan qatnashdilar. 70 tacha mehmon gulchining sof raqobatga munosabati esa oldingi yillardan ancha farq qiladi. Ular bu yilgi bayram umuman boshqacha o’tayotganini, Namangan gulchiligi yuksalayotganini,  ommalashayotganini yashirib o’tirmadilar.

Viloyatimiz rahbari katta qiziqish bilan bir qator mehnat jamolarini, gulchilik an’analarini avlodlar osha qadrlab davom ettirayotgan Adhamjon Ergashev, Sirojiddin Qodirov, Abdurahim Karimov, Obidxon Qodirov, Jo’raxon Mo’minov, Ahmadjon Sultonov, Ilhomjon Tohirov, Ahmadjon Mamajonov, Hamida Jo’rayeva kabi gulchilarning ko’rgazmalarini e’tirof etdi. Ular bilan samimiy muloqotda bo’ldi.

Namangan shahridan havaskor gulchi Akmalxon Yusupov, Azizbek Abdullayev, gulchi-tadbirkor Qodirxon Xolmirzayev, ajoyib gullar bilan birga banan yetishtirayotgan Andijondan Azizbek Mamajonov, Uychi tumanidan gulchi-dehqon Latifjon Hamdamov, Ma’rufjon Karimov, “Dehqon-M” fermer xo’jaligi rahbari Mahammadjon Ibrohimovlar o’z tajribalaridan gapirib berishdi.

Shuningdek, viloyatimiz hokimi bog’ hududida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlarini ko’zdan kechirdi, "Nuroniylar maskani"ga kirib, u yerdagi yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi...

       Bayramga kelganlar shod-u xurramlikda maroqli dam oldilar. Ular e’tiboriga turfa noyob xilli, ajoyib yangi navli gullar havola qilindi. Istiqlol g’oyasini o’zida mujassam etgan kompozitsiyalar katta-yu kichikka birdek yoqdi. Tinch va farovon kunlar saodatidan, gul hididan dillar mast bo’lib, tillar shukrona aytadi. Yuraklardagi yaratuvchilik ishtiyoqi baland maqomga ko’tariladi. Baxtdan masrurlik tanangizga shahd-shijoat ulashishi esa bor gap.

Saylda gul savdosi avjiga chiqdi. Go’zallik ixlosmandlari nafaqat o’zimizda, balki Tailand, Xitoy, Gollandiya, Eron, Braziliya, Yaponiya, Fransiya, Italiya, Afrikadan keltirilgan gullardan xarid qilishdi. Boshqacha aytganda, har bir kishi o’rtacha ikkitadan gul olganini hisoblasak, bu bayramning ifori bir necha yuz minglab xonadonga kirib borganini anglaymiz.

       Gul sayli bir-biridan qiziqarli, mazmunli tadbirlarni, ajoyib tomoshalarni o’zida qamrab oldi. "Gul bilan yashnasin olam", "Kimning guli chiroyli?" kabi ko’rgazma va munozaralar, gullar parvarishi bo’yicha alohida “Nasihat maydoni” tashkil etilgani, so’z o’yinlari va askiya payrovlari, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati va harakat qoshidagi "O’zbegim farzandlari" milliy targ’ibot maktabi faollarining madaniy-ma’rifiy tadbirlari, favvora atrofidagi "Osuda yurt qadri", "Mustaqil yurt oqshomlari" nomli konsert dasturlari, iqtidorli yoshlarning chiqishlari yig’ilganlarga bir olam zavq-shavq ulashdi.

Milliy urf-odatlarni o’zida aks ettirgan choy marosimi, milliy liboslar, dizaynerlik va rassomchilik namoyishi, milliy non va pishiriq-shirinliklar, sharbatlar ko’rgazmasi esa mehmonlarning qiziqishiga sabab bo’ldi.

- Dovrug’i dunyoga ketgan Namangandagi gul bayrami ijodkorlar, rassomlar, san’atkorlarning chinakam bayrami, desam, xato bo’lmaydi. Guldan bir-birini aslo takrorlamaydigan san’at yaratayotgan namanganlik hunarmand va gulgun insonlarning zahmatli, sof va sharafli mehnatiga har qancha tahsin-u rahmat aytsak, arziydi. Qarang, bu bayramda hamma narsa uyg’unlashib ketgan. Bu singari tadbirlarning xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda, tabiatga mehr uyg’otishda o’rni juda ham katta,  - deydi O’zbekiston Badiiy Akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nur.

Orifjon  JO’RAEV.