wrapper

Yangiliklar

Joriy yilning 22 noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 10 iyundagi PF-2326 sonli “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo’yicha takliflarni qo’llab-quvvatlash to’g’risida”gi Farmoniga asosan Namangan shahridagi “San’at” kollejida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga ko’rik-tanlovning viloyat bosqichi o’tkazildi.

Tanlovning dastlabki bosqichlarda g’oliblikka erishgan 87 nafar qizlar - iqtidorlilarning eng saralari adabiyot, san’at, fan, ta’lim va madaniyat yo’nalishlari bo’yicha bor bilim va mahoratlarini sinovdan o’tkazishdi.

 Ko’rik-tanlovni samimiy tilaklar bilan ochib bergan viloyat hokimining o’rinbosari, viloyat Xotin-qizlar qo’mitasi raisi X.Yusupova hamda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti viloyat komissiyasi a’zosi, Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig’i V.Rajapovlar so’zlarida ushbu tanlovning yildan-yilga nufuzi ortib borayotgani, tanlov jarayonining ancha mukammallashgani, ishtirokchilarning dunyoqarashi, izlanishi, iqtidorini namoyon etish san’ati yuksalib borayotgani, bu shubhasiz, katta yutuq hamda yurtimizda olib borilayotgan yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan ezgu ishlar samarasi ekanini alohida ta’kidlab o’tdilar.

DSCN8198-fill-407x305

14 yoshdan 22 yoshgacha bo’lgan ishtirokchilarning har birining iste’dodi haqida juda ko’p gapirish mumkin. Eng muhimi, qizlarda o’ziga xos ishonch, qat’iyat, ishtiyoq, Zulfiyaxonimga munosib izdosh bo’lishdek maqsad bor.

Masalan, Namangan shahridagi 38-umumta’lim maktabining 9-sinf o’quvchisi Munisa Nurmatova tanlovning san’at yo’nalishi bo’yicha birinchi bor ishtirok etdi. U o’z taassurotlarini shunday ifoda etadi: -Hunardan rizq unar, degan xalq hikmatining ma’nosini to’qish san’atini tobora mukammalroq egallab borganim sari qalban his etaman. Men iplardan turli o’yinchoqlar, hayvonlar to’qib tayyorlayman, qo’g’irchoqlar yasayman. Bu hunarim bois shu kungacha o’nlab nufuzli ko’rik-tanlovlar, ko’rgazmalarda ishtirok etdim.

Jumladan, «Barkamol avlod» bolalar ijodiyoti festivalining respublika bosqichida o’z qo’lim bilan tayyorlagan o’yinchoqlar bilan ishtirok etdim. Mazkur ko’rik-tanlovda esa betakror iste’dodga ega bo’lgan, ilmiy, siyosiy, ma’naviy dunyoqarashi keng tengdoshlarimni ko’rib havasim keldi. Zulfiyaxonimga munosib izdosh bo’lish maqsadi zimmamizga katta mas’uliyat yuklashini sezdim.

Qay bir ishtirokchi bilan suhbatlashmang, Munisa kabi o’z oldiga katta maqsadlarni qo’yganiga amin bo’lasiz. Hatto, hayratingiz ortadi.

DSCN8248-fill-407x305

Boshlang’ich sinflarda o’qib yurgan paytlarimdanoq she’rlar yozaman, - deydi tanlovning adabiyot yo’nalishi bo’yicha ishtirokchisi Shodiya Mashrapova. - Shu bilan birga sportning Penchak-Silat va kikboksing turlari bilan shug’ullanaman. O’zbekiston hamda Osiyo chempionatlarida ishtirok etib, yuqori o’rinlarni egallab kelyapman. Tanlovda chin iste’dod egalari va bilimdonlar bellashyapti, men ham ustozlarim ishonchini oqlayman, degan umiddaman.

Har bir yo’nalish bo’yicha tanlov komissiyasi a’zolari ishtirokchilarning nafaqat bilimi, ko’nikmasi, balki siyosiy-ma’naviy dunyoqarashi, yurtimizda kechayotgan keng ko’lamli islohotlar, xususan, yoshlar hayotiga oid voqea-hodisalardan xabardorligini ham sinovdan o’tkazishdi.

Tan olish kerak, nomzodlar soni bilan birga tanlovning nufuzi, unga qo’yilayotgan talablar ham ortib boryapti. Bu yaxshi, chunki takomillikka erishilgani sayin mukofotga munosiblar shuncha ko’payaveradi.

Bir so’z bilan aytganda, ko’rik-tanlov serqirra iste’dod bahsiga aylanib, xolislik va samimiylik ruhida o’tdi.

Ayni kunda tanlov komissiyasi o’z ishini davom ettirmoqda