wrapper

Barkamol avlod tarbiyasi buyuk kelajak va sog‘lom jamiyat qurish yo‘lidagi muhim qadamdir. Shu sabab ham mamlakatimizda istiqlolning ilk kunlaridanoq yoshlarni har tomonlama sog‘lom, o‘z so‘ziga ega, ilm salohiyatli etib voyaga yetkazish, ta’lim- tarbiya berish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi.

 

Viloyatda ham bu ezgu chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalda tasdig‘ini topmoqda. Xususan, o‘g‘il-qizlarni sportga keng jalb etish, jismonan, ruhan sog‘lom bo‘lib voyaga yetkazishlarini ta’minlash maqsadida zamonaviy sport ob’ektlari bunyod etildi. Bu borada kadrlar malakasini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Albatta, kelajagimiz egalariga ko‘rsatilayotgan mehr, g‘amxo‘rlik ularning erishayotgan yutuqlarida bo‘y-bast ko‘rsatmoqda. Shunisi quvonarliki, 2015 yilda Respublika va xalqaro sport musobaqalarida viloyat sportchilari tomonidan 1531 ta medallar qo‘lga kiritilib, jumladan, 455 ta oltin, 446 ta kumush, 630 ta bronza medallarini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2014 yilga nisbatan 291 taga (19.0%) ortgan.

Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlarining o‘zida 185 ta oltin, 198 ta kumush, 264 ta bronza jami 647 ta medal qo‘lga kiritildi. Mazkur natijalarda Murodjon Ahmadaliyevning ham hissasi bor.U o‘ziga berilayotgan imkoniyatni, yoshlarga yaratilayotgan sharoitlarni davlatimiz, xalqimizning buyuk ishonch namunasi deb biladigan matonatli sportchilardan biri. U boks sport turi bo‘yicha 2015 yil Qatar davlatining Doxa shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida munosib ishtirok etib, kumush medal sohibi bo‘ldi. Eng asosiysi, joriy yilda Braziliyada bo‘lib o‘tadigan Olimpiyada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritganligi. Yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, munosib rag‘batlantirish maqsadida “Barkamol avlod” bolalar va o‘smirlar sport markazida Murodjon Ahmadaliyevning taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi X. Bozarov ishtirok etib, navqiron avlodni sportga yo‘naltirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada izchil davom ettirish lozimligini ta’kidladi va g‘oliblarni qizg‘in muborakbod etdi. Tadbirda viloyat hokimi X.Bozarov “Kobalt” rusumli avtomashinani Murodjon Ahmadaliyevga tantanali ravishda topshirdi. Kecha yakunida yoshi ulug‘ nuroniylar oldinda kutayotgan nufuzli musobaqa-Braziliyada bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida Murodjonga omad yor bo‘lishi so‘rab, duo qilishdi.