wrapper

Urf-odat va an'analar

   Namangan viloyatida o'zbeklardan tashqari tojik, qirg'iz, qoraqalpoq, qozoq kabi turli millat vakillari istiqomat qilishadi. Viloyatning qadimiy o'troq aholisi azaldan dehqonchilik, hunamandchilik, chorvachilik va savdo bilan shug'ullanib kelganlar. Viloyatning Namangan, Chust, Kosonsoy kabi shaharlari aholisi turmush tarzida qadimdan o'ziga xos rivojlangan hunarmandchilik, Chortoq, Yangiqo'rg'on tumanlarida bog'dorchilik, Chust, Pop tumanlarida chorvachilik, qolgan tumanlarda esa dehqonchilik bilan bog'liq xususiyatlar o'z aksini topgan.

Urf-odat va marosimlar

     Namangan viloyati aholisi turmush tarzida qadimiy falsafiy, diniy, taqvimiy tasavvurlari hamda xo'jalik an'analari bilan bog'liq urf-odat, marosim va bayramlar mavjud. Jamoaviy hayot o'zida turli an'analarni mujassam etgan. Ular asrlar mobaynida ajdodlardan avlodlarga meros bo'lib kelmoqda. Mazkur urf-odat va marosimlarni taqvimiy, mehnat, oilaviy va diniy kabi guruhlarga bo'lish mumkin. Ushbu qadimiy an'analar o'zida yangicha ko'rinishlarni ham mujassam etgan holda xalqimiz turmush tarzida hozirga qadar yashab kelayotgan bo'lib, ular quyidagilardan iborat:
     Navro'z, Mehrjon, lola sayli, boychechak sayli, sunbula sayli, gul bayrami, suv sayli, qum sayli, qor xat, yerga urug' qadash, oblo baraka, hosil bayrami, uzum sayli, qovun sayli, chorvani yaylovga haydash, jun qirqimi, chorvani qishlovga qaytarish, to'l olish, beshik to'yi, soch olish, birinchi qadam, sunnat to'yi, muchal to'yi, nikoh to'yi, Qurbon hayiti, Ramazon hayiti, Laylat ul Qadr, Payg'ambar yoshi, Mavlud, Bibi Mushkulkushod...Mazkur urf-odat va marosimlar o'zbek xalqi etnomadaniyatida muhim o'rin tutadi. Ularning tarixiy ildizlari qadimgi davrlarga borib taqalib, tarixning turli bosqichlarida ba'zan tazyiqlarga uchrab, ba'zan yangicha ko'rinish olib, hozirga qadar yetib kelgan. Bunga misol tariqasida Navro'z, Mehrjon, Darveshona kabilarni olishimiz mumkin. Qo'sh chiqarish Chigit ekish, Mehrjon Hosil bayrami, Birinchi chanoq kabilar bilan almashgan.

Navro'z udumlari va urf-odatlari

     Xalqimizning turmush tarzida yil taqvimi bilan bog'liq turli xil udumlar, urf-odat va marosimlar mavjud bo'lib, ularning barchasi Sharq xalqlarining quyosh taqvimidagi birinchi kun bo'lmish Navro'z (Nav-Yangi, Ro'z-kun) bayramidan boshlanadi. Biz katta tantanalar bilan nishonlayotgan ulug' ayyom, bahor bayrami - Navro'zni ajdodlarimiz tabarruk kun deb bilib, uni katta quvonch va xursandchilik bilan o'tkazishga harakat qilganlar. Navro'z Yer haqidagi dastlabki ilmiy-geografik tasavvurlar paydo bo'lgan zamonlardan boshlab shakllangan bo'lib, dastlab ushbu bayramni o'tkazish o'troq dehqonlarda, so'ngra yarim o'troq va ko'chmanchi turkiy xalqlarning ham urf-odatlariga aylangan. O'rta asr muarrixlari uning vujudga kelish tarixini bundan uch, uch yarim ming yil oldin bo'lgan deb yozgan bo'lsalar, zamonamiz tarixchilari Navro'zning tarixiy ildizlarini tosh asri(er.av.10-5 ming yillar)ga borib taqaladi, degan xulosani bildiradilar.
     Tarixiy ildizlari juda chuqur bo'lgan ushbu bayram Markaziy Osiyo va O'rta Sharq mamlakatlarida ancha qadim davrlardan tarkib topgan tantana bo'lib, uning qadimiy an'ana ekanligini isbotlovchi qator tarixiy yozma manbalar va tarixiy asarlar mavjud. Jumladan, Abu Rayhon Beruniy, Abu Mansur Salabiy, Umar Hayyom singari adiblarning tarixiy, ilmiy va adabiy asarlarida Navro'zning kelib chiqishi, uning o'ziga xos qadimiy rasm-rusumlari va marosimlari to'g'risida qiziqarli ma'lumotlar mavjud. O'rta asrlarning mashhur qomusiy olimlari asarlarida Navro'zning kelib chiqish tarixi afsonaviy shohlar Qayumars, Jamshid va Sulaymon bilan bog'lab talqin qilinadi. Navro'z bayram tarzida nishonlana boshlangandan beri o'tgan turli hukmdorlar va davlat xizmatida bo'lgan yuqori martabali tarixiy shaxslar ham ushbu bayramni nishonlashga turfa xil munosabat bildirganlar. Zamonamizda esa mazkur milliy bayramga juda katta e'tibor berilib, turli hududlarda o'ziga xos tarzda nishonlanmoqda. Jumladan, Namangan viloyatining barcha tumanlarida ham bahor kelishi bilan yoshu-qari ushbu bayramni intiqlik bilan kutadilar va unga tayyorgarlik ko'radilar. Navro'z bilan bog'liq udumlarni ikkiga: bayramdan oldin va bayramdan keyin o'tkaziladiganga bo'lish mumkin. Bayramgacha bo'lgan tadbirlarga ekin-tikin ishlariga tayyorgarlik ko'rish, o'chalar, hovli-joylar, ziyoratgoh va mozorlarni tozalash, bayram taomlarini pishirish kabilar kiradi.
     Navro'z oldidan viloyatimizning barcha tumanlarida ko'chalar, qishloq qabristonlari, atrof-muhit tozalanib, yangi yilning barcha uchun xayrli kelishini Ollohdan so'rab "xudoyi", "darveshona" kabi marosimlar o'tkaziladi.
Odamlarning o'zlari ham yangi yilni poklangan holda kutib olishga harakat qiladilar. Shu bilan birgalikda barcha sug'orish tarmoqlari loyqadan hashar usulida tozalanib, suv yo'llari ravon qilinadi. Ajdodlarimiz qadimdan erta bahorda yangi yilda suvning mo'l-ko'l bo'lishini niyat qilishib, qurbonlik marosimlarini o'tkazib kelganlar. Mazkur an'analari hozirga qadar o'z ahamiyatini yo'qotgan emas. Xalqimizning qadimiy an'anasiga ko'ra, Navro'z bayrami hut oyining oxirgi kechasi oila davrasida o'tkaziladigan "qozon to'ldi" udumi bilan boshlangan. U sof oilaviy udum bo'lib, har bir xonadon o'z imkoniyati doirasida tansiq taomlar tayyorlab, o'tgan ajdodlar ruhiga "is" chiqaradilar. "Qozon to'ldi" oqshomida barcha idishlar suvga to'ldirib qo'yilgan. Xalq qarashlariga ko'ra, suv to'ldirilgan idishlarga tangrining marhamati bilan qut-baraka to'ladi deb tasavvur qilingan.
     "Qozon to'ldi" oqshomida har bir xonadon qozonlarini to'ldirib biror lazzatli taom tayyorlasa, kelayotgan yilda hosil mo'l bo'ladi degan qarashlar mavjud bo'lib, uning tarixiy asoslari "Avesto"da qayd qilingan "Xamaspaeta" bayrami bilan bog'lanadi. Qadimda bu udum ezgu ruhlarning yangi yil arafasida o'zlari yashagan xonadonga tashrif buyurishi bilan aloqador marosim sifatida o'tkazib kelingan. Bayram dasturxonlarining bezatilishi xo'jalik mashg'ulotlari bilan ham bog'liq bo'lgan. Masalan, dehqonlarning dasturxoni ziroatchilik ne'matlari bilan to'lsa, chorvadorlarning dasturxonida go'sht va sut-qatiq mahsulotlari ko'proq bo'lgan.Uy bekalari ushbu kunda har yilgi odatlariga ko'ra "uy ko'taradilar". Ya'ni uydagi gilam, kigizlarni tashqariga olib chiqib yoyadilar, hammayoqni supurib-sidiradilar, qishi bilan isingan sandallarni olib tashlab, o'rnini tuproq bilan ko'mib, tekislaydilar. Shu kuni tanadagi bodni quvib chiqarish uchun marosimiy o'rik turshagidan tayyorlangan sharbat ichiladi. XIX asrda Qo'qon xonligida yangi yil bayrami - "Sari-sol"da xon haramiga o'rik turshagidan tayyorlanadigan sharbat uchun ma'lum miqdorda shakar va o'rik turshagi ajratilishi to'g'risidagi ma'lumot ham fikrimizni isbotlaydi.
     Mirishkor dehqonlar Navro'z arafasida yetti taxtacha ustiga bug'doy, arpa, sholi, jo'hori, tariq, javdar, mosh kabi donli ekinlarning urug'larini yoyib qo'yib, har kuni suv sepib turganlar. "Qozon to'ldi" kuni ana shu donlarning unishiga qarab, kelayotgan mavsumda qaysi ekindan mo'l hosil olish mumkinligini chamalaganlar. Ushbu odat dastlab sosoniylar davrida shoh saroyida o'tkazilgan bo'lib, yangi yilning qanday kelishini oldindan taxmin qilganlar. Bulardan tashqari Navro'z bayrami boshlanadigan kun - 21 martning haftaning qaysi kuniga va qaysi muchal hayvoniga to'g'ri kelishiga qarab ham kelgusi yil to'g'risida turli tahmin, bashoratlar qilingan.
     Farg'ona vodiysida tabiatda bo'layotgan o'zgarishlarga alohida e'tibor beruvchi sinchilar - sinchkov kishilar tabiat alomatlari hamda uzoq o'lkalarga uchib ketgan qushlarning qaytib kelish vaqti va ularning tashqi ko'rinishlarini kuzatib yangi yilda ob-havoning qanday bo'lishi to'g'risida turli taxminlarni bildiradilar. Shu bilan birgalikda Yangi yilning dastlabki kunlari ham yangi yilning qanday kelishini bildirgan. Masalan, ozarbayjonlarda Navro'zning birinchi kuni bahorni, ikkinchi kuni yozni, uchinchi kuni kuzni, to'rtinchi kungi ob-havo esa qishning qanday kelishini bildiradi. Har yili Navro'z bayramida doshqozonlarda sumalak, halim va boshqa bahoriy taomlar pishiriladi.
     Ushbu taomlar ichida eng keng tarqalgani sumalak bo'lib, bu taomni tayyorlashning o'zi alohida bir marosim hisoblanadi. "Sumalak" kalimasi "sharbat uchun undirilgan arpa" yoki bug'doy ma'nolarini anglatuvchi qadimiy turkiy so'z "suma"dan kelib chiqqan. Muhammad Husayn Burxonning "Burxoni qot'i" asarida (1650 y) "samanu - holvaytarga o'xshagan narsa, uni ko'klagan bug'doy o'simtalarining shirasidan tayyorlanadi", deb izohlanadi. Sumalak pishirish ishlariga yoshi ulug', ko'p farzandli, xalq orasida katta hurmat qozongan ayollar yetakchilik qilishi va sumalak o'chog'idan odamlardagi shamollashni haydovchi vosita sifatida foydalanib, farzand ko'rmayotgan juvonlarning sumalak o'chog'iga kirib o'tirishlari sumalakning hosildorlik kulti bilan bog'liq ekanligini tasdiqlaydi. Ulkan qozonlar qadimdan muqaddas sanalib, ularda tangrilar sharafiga maxsus taomlar pishirilgan. Serhosillik timsoli hisoblangan bunday qozonlarda pishirilgan sumalakdan tanovul qilgan kishiga yil bo'yi omad, qut-baraka yor bo'ladi degan qarashlar mavjud bo'lgan. Bir idishda taom iste'mol qilish odamlarni o'zaro yaqinlashtiradi degan qadimiy qarashlarga hamohang holda bitta qozonda bayram taomlarini tayyorlash ham kishilarni g'oyaviy jihatdan birlashtiradi deyishimiz mumkin.
     Pop tumani Tepaqo'rg'on qishlog'ida 21 mart kuni bir sinfda o'qigan tengqurlarning barchasi biror xonadonda to'planib, sumalak pishiradilar va tonggacha o'yin-kulgi qiladilar. Sumalak pishirilayotgan boshqa joylarga ham tashrif buyurishib, hamqishloqlarini bayram bilan tabriklaydilar. Bu kabi odatlar hamqishloqlar o'rtasidagi o'zaro mehr-oqibatni yanada kuchaytiradi. Navro'z bayrami kuni kishilarning biror bir mehnat turi bilan shug'ullanishi ma'qullanmaganligi bois yoshu-qari bu kunni bayram tarzida, xursandchilik bilan nishonlashga harakat qilgan. Butun dunyo xalqlarida mavjud bo'lgan "birinchi kun magiyasi"ga ko'ra yangi yilning birinchi kuni qanday kutib olinsa, yil bo'yi o'sha kayfiyat odamlarga hamroh bo'ladi degan qarashlar mavjud. Bayram kuni erta tongdan odamlar olamdan o'tgan ajdodlarini xotirlaganlar, muqaddas joylar-mozorlarni, ota-onalari, qarindosh-urug'larini ziyorat qilganlar. So'ngra bayram saylgohiga boradilar. U yerda turli tomoshalar: uloq, kurash, dorbozlik o'yinlari kechga qadar davom etgan. Bolalar turli ranglarga bo'yalgan tuxumlarni urishtirib, varrak uchirish musobaqalarini o'tkazishgan. Bayramda o'rgatilgan xo'roz, it, qo'chqor, tuyalarni o'zaro urishtirish kabi tomoshalar bo'lgan. Qadimdan odamlar urushayotgan hayvonlarni hosiyatli va hosiyatsizga bo'lishib, ularning qaysi biri yutib chiqishiga qarab yangi yilning "xosiyatli" va "xosiyatsiz" kelishini tahmin qilganlar. Qiz-juvonlar esa qishloq chetidagi bog'larda qadimiy odatlardan bo'lgan arg'imchoq-halinchak uchganlar. Arg'imchoq uchish dunyoning boshqa xalqlarida ham mavjud bo'lib, balog'atga yetganlik ramzi hisoblanadi. Namangan viloyatida arg'imchoq arqonlari asosan o'rik daraxti shohlariga bog'lanib, halinchak uchayotganlar iloji boricha balandroq uchib, eng baland shohchadagi o'rik guli yoki g'o'ra(dovuchcha)ni uzib olishga harakat qilganlar. Kimki bunga erishsa uning barcha istaklari ro'yobga chiqadi, deb qaralgan. Qadimdan Navro'z bayrami qishloq joylarda dalaga qo'sh chiqarib, urug'lik don sepish bilan yakunlangan. Ushbu marosimlar ham bir necha bosqichlardan iborat bo'lib, "shohmoylar", "urug' sepish", "qo'sh oshi" kabilarni qamrab oladi. Mazkur marosimlarning tarixiy ildizlari mil. av. III ming yillik oxiri II ming yillik boshlariga borib taqaladi va qadimiy e'tiqodlar bilan bog'liq bo'lib, haftaning belgilangan kunlarida o'tkazilgan.
     Dalaga birinchi qo'sh chiqarilgan kuni Buvoyi Dehqonga atab biror bir hayvon, ko'pincha qo'chqor so'yilgan va marosimiy taom tarzida "qo'sh oshi", "qo'sh go'ja", "xudoyi sho'rva" pishirilgan. Namangan viloyati Mingbuloq tumani Qayrog'ochovul qishlog'idagi qoraqalpoqlar orasida esa yerga urug' qadashdan oldin dala boshida jonliq (odatda xo'roz) so'yiladi. Yil barakali, unumli kelsin degan niyatda bu ishni bo'ydoq o'spiringa bajartirganlar. Eng keksa usta dehqon fotiha berganidan so'nggina xudodan mo'l-ko'l hosil so'rab, yaxshi niyatlar qilishib ishga kirishilgan. Qurbonlik hayvon go'shtidan palov yoki sho'rva kabi taomlardan biri tayyorlangan. "Qozon to'ldi" kungi "is" yog'iga bo'g'irsoq, o'yma-qatlama pishirilgan yog' bilan ho'kiz shoxlarini, bo'yinlarini hamda bo'yinturuqni moylaganlar. Keksalarning aytishicha, shunday qilinsa ho'kiz muguzlari baquvvat, bo'ynini bo'yinturuq yara qilmaydigan, ho'kizlarning o'zi esa mehnatdan charchamaydigan bo'ladi.
     Zamonamizda ham yangi yildagi birinchi ish kunida dalalarda yoki muqaddas hisoblangan ozor va ziyoratgohlarda xudoyi qilish odati mavjud bo'lib, Kosonsoy tumanidagi Sad piri komil, Chust tumanidagi Buonamozor mozorlari shular jumlasidandir. Shuningdek, joylardagi mashina traktor parklarida ham yil bo'yi qishloq xo'jaligi texnikasining soz ishlashi uchun "temirchilik piri" hisoblangan Dovud payg'ambarga atab qurbonliklar qilinmoqda. Birinchi qo'shni qishloqning keksa, hurmatli, piru-badavlat oqsoqollaridan biri solgan. Umuman olganda, dehqonchilikda har qanday ishning boshida Bobodehqon ramzidagi keksa kishilar turgan. Oqsoqol kuchi yetishiga qarab bir, uch yoki besh marta, umuman toq marta borib kelgan, so'ngra ho'kizlar toliqishining oldini olish maqsadida birinchi haydov kuni tugatilgan. Marosimdan so'ng barcha dehqonlar ho'kizlarini yetaklab o'z uylariga qaytganlar va bayramni davom ettirganlar.
     Umuman olganda "qo'sh chiqarish", "shoh moylar", "qo'sh oshi", "urug' sepish" nomlari bilan aytiluvchi marosimlar dehqonlarning yangi yildagi birinchi ish kuni bo'lib, "birinchi kun magiyasi" bilan bog'liq holda iloji boricha xursandchilik bilan kutib olishga harakat qilingan. Necha ming yillik tarixga ega bo'lgan Navro'z bayramini tahlil qilar ekanmiz, u bilan bog'liq marosimlar orasida quyidagi umumiylikni ko'rishimiz mumkin: olov yoqish; bir-birlariga suv sepish yoki cho'milish; bashorat qilish; o'rik turshagi suvini yoki afsun, duo o'qilgan suv ichish; "qozon to'ldi" marosimi; pishirib, turli ranglarga bo'yalgan tuxumlar bilan bog'liq odatlar; baland joylar-tepaliklarga, mozorlarga, muqaddas joylarga chiqish, ziyorat qilish; bir-birlarini va ota-onalarni yo'qlash; qiz-juvonlarning arg'imchoq uchishlari; shahardan tashqarida sayl, uloq, kurash uyushtirish... kabilar.
     Yuqorida keltirilgan Navro'z bilan bog'liq barcha odatlar zamirida xalqning yagona ezgu niyati - yangi yil hosildorlik, mo'l-ko'lchilik yili bo'lsin, degan umid-istagi yotadi. Qadimgi ajdodlarimizning dunyoqarashi, ma'naviy saviyasining yorqin na'munasi bo'lgan Navro'z tabiat va hayotning qayta tug'ilishi bilan birga, poklik va shodlik, ma'naviyat va birdamlik, milliy iftixor, o'zlikni anglash va hamjihatlik ramzi hisoblanib, bahoriy marosimlarni boshlab beradi va butun bir faslni o'z ichiga qamrab oladi.

Gul sayillari

     Navbatdagi bahorgi marosimlar, ya'ni tabiatni ulug'lash va o'simliklar kulti bilan bog'liq an'analar zamirida "hayot daraxti", "tabiatning o'lishi va qayta jonlanishi" bilan bog'liq qarashlar yotadi. Aynan mazkur qarashlarda tabiatning uyg'onishi, tog' va qir-adirlarda turli gullarning ochilishi munosabati bilan o'ziga xos fenologik taqvim shaklida o'tadigan turli sayillarda namoyon bo'ladi.
     Gul bilan bog'liq shu kabi sayillar qadimdan xalq orasida nishonlanib kelingan. Ular jumlasiga boychechak, lola, sumbula sayli kabilarni kiritishimiz mumkin. Mazkur sayillarning barchasi shahardan tashqarida, tabiat qo'ynida bo'lib o'tgan. Rus tadqiqotchisi V.P. Nalivkinning yozib qoldirgan ma'lumotlariga ko'ra, Namanganda XIX asr oxirida mart, aprel oylarida qatorasiga uch yoki to'rt juma shahar aholisi shahardan tashqariga sayil uchun chiqqanlar. Mazkur sayillarda ko'chma savdo do'konlari, oziq-ovqat, non, choy va shirinlik rastalari faoliyat yuritgan. Ayollar va erkaklar alohida alohida joylarda hordiq chiqarganlar.
     Bahor darakchisi bo'lgan - boychechak, lola bilan bog'liq marosimlar Chust, Yangiqo'rg'on, Kosonsoy va To'raqo'rg'on tumanlarida hozirga qadar o'tkaziladi. Bolalar boychechakni avval keksa yoshdagi qariyalarga berishadi. Chunki, bu gul ular uchun qadrli bo'lib, qishdan eson-omon chiqqanligidan, yana bahor kelganidan, yangi hayot boshlanganidan darak bergan. Namangan shahri va uning atroflaridagi qishloqlarda ham bolalar qir, adirlardan boychechak terishib, belbog' yoki ro'molga solishib qishloq xonadonlarini aylanganlar va:

Boka-boka boy, boy tilla, Uyingizga tosh tilla, Xudoyim o'g'il bersin, Kattasini oti Rahmatilla, Kichigini oti Ismatilla, - deb qo'shiq aytganlar. Qaysi xonadonga borishsa, uy egalari boychechakni yuz-ko'zlariga surtib, "Omonlik-omonlik, hech ko'rmaylik yomonlik, yanagi yil shu kunlarga eson-omon etaylik",- deb yaxshi niyat qilganlar va bolalarga meva-cheva hamda turli shirinliklar hadya qilganlar.
     Mazkur odatlar hayotning davomiyligi va zamon charxpalagining aylanishi ramzi hisoblangan. Bahorgi sayillardan yana biri "Sunbula sayli" Chust tumanidan boshqa hududlarda uchramaydi. Islomiy qarashlarga asoslangan mazkur sayil erta bahordan boshlangan. Sunbul sayli islom olamida mashhur bo'lgan sahobalardan biri Xoja Abdurahmon ibn Avf nomi bilan bog'liq ziyoratgohdan boshlanib, Sunbul g'orida nihoyasiga yetadi. XX asrning 80- yillaridan boshlab ushbu sayilga alohida e'tibor berilgan. Asosiy sayil may oyida bo'lib o'tadi. Sayil ishtirokchilari dehqonlar, hunarmandlar, chorvadorlar hamda savdogarlardan iborat bo'lgan. Bunday sayillar bahoriy marosimlarning hayotning davomiyligi, tabiatning o'lishi va qayta jonlanishi kulti bilan bevosita bog'liq bo'lib, o'zida qadimgi ajdodlarimizning dunyo to'g'risidagi falsafiy qarashlarini mujassamlashtirgan. Transformasiyaga uchrab, bizning zamonamizga qadar rivojlanib keng xalq ommasi tomonidan keng ko'lamda nishonlanib kelayotgan marosimlardan biri "Gul bayrami" hisoblanadi. Mazkur gul bayrami O'zbekistonda mashhur bo'lib, respublikaning boshqa hududlarida bu kabi marosim o'tkazilmagan. Ushbu bayram ilk marotaba XX asrning 60- yillarida o'tkazilgan. Unda havaskor gulchilar mahalliy nashrlar, radio, madaniy-ma'rifiy uchrashuvlar orqali shahar aholisini hovli va shahar ko'chalarini chiroyli gullar bilan bezatishga chaqirganlar. Tezda "Namanganni gullar shahriga aylantiramiz" shiori ostida keng ko'lamdagi ishlar boshlanib ketgan. Namangandagi A. S. Pushkin (hozirgi Bobur) nomli istirohat bog'ida eng yaxshi gul yetishtirish musobaqasi o'tkazilishi e'lon qilingan. 1961 yili unda 16 nafar gulchilar ishtirok etgan.
    Hozirda yaxshi bir an'anaga aylanib ulgurgan ushbu bayram kunlari (ko'pincha avgust oyining ikkinchi yarmida 2 kun - shanba va yakshanba kunlari) istirohat bog'ida gulchilarning fotoko'rgazmalari, havaskor gulchilarga maslahat beruvchi navbatchi mutaxassis gulchilar tashkil etiladi. Mazkur bayram viloyat, vodiy, hatto Respublika mehnatkash aholisi tomonidan uzoq vaqt kutiluvchi bayramlardan hisoblanib, odamlar o'z oilalari bilan ishtirok etadilar.
     Gul bayrami aholining estetik ehtiyojini qondirish bilan birga shaharni yaxshilikka burkashi bilan ham katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Shuningdek, mazkur bayram bahoriy marosimlar singari o'zining etnoekologik jihatlari bilan ham ajralib turadi. Chunki, bayramga tayyorgarlik bir-ikki hafta oldin boshlanib, unda shahar ko'chalari tozalanadi. Bular esa tabiatni asrash bilan bog'liq an'anaviy qadriyatlarning hamon davom etayotganligini ko'rsatishi bilan birga ezgulikning yovuzlik ustidan g'alaba qozonishida odamlar tomonidan unga quvvat berish kabi ramziy ma'nolarga ham egadir.
     Namanganda hozirga qadar davom etib kelayotgan "gul bayrami" taqvimiy urf-odat va marosimlar tarkibidagi gul bilan aloqador sayillarning transformasiyaga uchrab, yangicha shakl olgan ko'rinishlaridan bo'lib, o'zbek xalqi ma'naviyatini o'ziga xos tarzda namoyon qiladi. Milliy ma'naviyatni har tomonlama yuksaltirish masalasi asosiy vazifa qilib qo'yilgan bugungi kunda ma'naviyatimizni shakllantiradigan va unga ta'sir o'tkazadigan barcha omil va mezonlarni chuqur tahlil qilish jarayonida bu kabi bayramlarning keng targ'ib qilinishi maqsadga muvofiqdir.

Tut sayli

     Bahorning oxirlarida nishonlanuvchi taqvimiy marosimlardan yana biri "Tut sayli" hisoblanadi. O'rta Osiyo xalqlari qadimdan tutni nihoyatda e'zozlab, qadrlab, uni muqaddas hisoblaganlar hamda tut daraxti o'sgan hovli fayzli, barakali va omadli sanalgan. Tut daraxti va uning mevasini qadrlashga bag'ishlangan eng katta tadbir - tut sayli deb atalgan va u asosan katta tutzorlari bor joylarda o'tkazilgan. Bu sayilni o'tkazishning barcha joylarda birday amal qilinadigan qat'iy tartiblari ham mavjud emas. Odamlarning o'z bog'laridagi tut mevasini terib yeyish oddiy hol bo'lsa, tevarak-atrofdagi tutzorlarga ommaviy chiqish - "Tut sayli", ya'ni katta bayram hisoblanadi.
     Er-xotin Nalivkinlarning ma'lumotlariga ko'ra, vodiyning tog'li hududlarida, masalan, Chust uezdi aholisi tut daraxti mevalarini terib olishib, shinni va tut tolqon tayyorlaganlar.
     Mazkur sayil oila yoki bir necha qo'ni-qo'shnilar ishtirokida uyushtirilgan bo'lsa-da, o'ziga xos xursandchilik bilan nishonlangan. Sayil davomida marvarak, balx tuti kabi shirin va yirik tut mevalari qoqilib, shinni va qoqi tayyorlangan. Mazkur sayilda asosan ayollar va bolalar ishtirok etganlar. "Tut sayli"ni o'tkazish davomida odamlar qish uchun kerakli oziqlik hozirlaganlar, shuningdek, o'yin-kulgi qilishib, dam olganlar, tomoshalar va musobaqalar uyushtirganlar. Xullas, tut sayli kishilarga moddiy va ma'naviy foyda keltirgan.

Qovun sayli

     Hosilni yig'ishtirib olish bilan bog'liq marosimlar turli tuman bo'lib, ulardan biri - "qovun sayli"dir. Qovun sayli o'rta asrlarda katta tantanalar bilan o'tkazilgan. Poliz mahsulotlari pisha boshlagan vaqtda dehqonlar qishloq oqsoqollari, qo'ni-qo'shni va yoru birodarlarini bir kun oldin:
     "Ertaga falon vaqtga paykalga qovun sayliga boringlar", - deb taklif qilgan. Bunga oldindan tayyorgarlik ko'rilgan. Saharda kun isib ketmasidan oldin dehqonlar eng sara, band bergan qovunlardan uzib salqin joylarga olib qo'yilgan. Shuningdek, kelgan mehmonlar uchun biror mazali taom ham pishirilgan. Sayilga oqsoqollar, bolalar, barcha taklif etilgan. Sayilda erkaklar askiya aytishib, suhbatlashib o'tirganlar. Taomdan so'ng oqsoqollar dehqonning hosiliga baraka tilab duo qiladilar va hosil yig'imiga ruxsat beradilar. Sayil ishtirokchilari eng shirin qovunlar bilan mehmon qilingan.
     Bog'dorchilikka ixtisoslashgan hududlarda "olma sayli", "uzum sayli", "anor sayli", "anjir sayli" kabi bayram sayillari o'tkaziladi. Bu kabi sayillarning qadimgi xorazm va so'g'dliklarda ham o'tkazilganligi Beruniy ma'lumotlarida qayd etilgan bo'lib, unga ko'ra qadimda "qovoq bayrami" va uzum bilan bog'liq bayramlar nishonlangan.

Mehrjon

     O'zbeklar orasida kuzgi tengkunlikda o'tkaziluvchi qadimiy taqvimiy bayram "Mehrjon" dehqon va chorvadorlarning eng tantanali ravishda o'tadigan bayramlaridan biri sanalgan. Abu Rayhon Beruniy o'z asarlarida "Quyosh va oy falakning ikki ko'zi bo'lganidek, Navro'z va Mehrjon zamonning ikki ko'zidir", - deb bejiz ta'kidlamagan.

     Mazkur bayram qadimiy forslar taqvimidagi yettinchi oyning nomidan olingan bo'lib, 23 sentyabrdan 22 oktyabrgacha bo'lgan davrni o'z ichiga olgan. Beruniyning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asarida yozilishicha "..."mehr" - Quyosh nomi, Quyosh shu kuni olamga zohir bo'lib, (bayram) uning nomi bilan atalgan". Beruniyning ta'kidlashicha "Zardusht Mehrjon bilan romro'z (ushbu oyning 21 kuni)ni birga hayit qilishni buyurgan. Keyinchalik mazkur bayram huddi Navro'zdagi singari bir oy davomida aholining turli tabaqalari o'rtasida besh kundan bayram qilingan". Demak, qadimdan "Navro'z" yangi yil va yangi ish mavsumining boshlanishi sifatida tantana qilingan bo'lsa, "Mehrjon" o'simliklar dunyosining o'sishdan to'xtab, "uyquga ketishi" va mehnat mavsumining yakunlanishi sifatida bayram qilingan. Hozirda esa "Mehrjon" o'zining asl ma'nosini yo'qotib, "birinchi chanoq", "paxta bayrami" va hosil bayramlariga bo'lingan holda davom etmoqda.
     Xalqimizda har bir meva yoki sabzavotga bag'ishlangan alohida sayillar bilan bir qatorda, ularning barchasiga bag'ishlab bir yo'la o'tkaziladigan bayram ham bo'lgan. U "Hosil bayrami", "Hosil to'yi" yoki "Xirmon to'yi" deb atalgan. Bu bayramlar mehnat mavsumlari yakunlanib, dehqonlarning bo'sh vaqtlarida uyushtirilgan. "Hosil bayrami" tomosha - o'yinlarga juda boy bo'lganidan, katta sayilga aylanib ketgan. Hozirgi davrda bunday bayramlar tuman markazlarida o'tkazilib, ularda karnay-surnaychilar, polvonlar, dorbozlar, turli ansambllar ishtirok etadilar. Shuningdek, bu kabi bayramlarda o'zbek xalqi an'anaviy o'yinlaridan bo'lgan uloq - ko'pkarining o'tkazilishi odamlarga o'ziga xos xursandchilik baxsh etadi. Hozirgi davrda oldiga qo'ygan rejalarini amalda bajara olgan tumanlarda har yili mehnat mavsumi yakunlanganidan so'ng navbati bilan "Hosil bayram"lari o'tkazilib kelinmoqda. Hosil yig'imi oldidan o'tkazilib kelinadigan marosimlar zamirida shukronalikka xos ko'rinishlar mavjud bo'lishi bilan birga hosilni magik himoyalash yoki unga qo'yilgan tabuni olib tashlash kabi g'oyalar ham yetakchilik qiladi.

Qor xat

     Dunyoning qor yog'uvchi barcha hududlarida birinchi qor yoqqanida xursandchilik bilan "qor bo'ron" o'yinlari boshlangan. Bunday o'yinlar o'zbeklarning taqvimiy marosimlari tarkibida ham mavjud. Bundan tashqari, birinchi marta qor yog'ishi bilan bog'liq bo'lgan "Birinchi qor" nomli odat keng tarqalgan. "Qor xat" odati qadimdan keng tarqalgan an'ana bo'lib, hozirga qadar davom etib kelmoqda. Odamlar belgilangan shartlarga ko'ra, "qor xat"ni o'ziga yaqin kishilardan, ya'ni do'stlari yoki qarindoshlaridan biriga yozadilar va sezdirmasdan ularning qo'liga berishlari yoki cho'ntagiga solib qo'yishlari kerak. Xatni muallifning o'zi yoki boshqa biror odamni yollab yetkazishi mumkin, faqat xatni berganidan so'ng borgan hovlisining chegarasidan chiqib olguniga qadar qo'lga tushmay, qochib ketishi kerak. Aks holda, u kulgili ko'rinishdagi ko'ngilsizliklarga uchrashi mumkin, ya'ni qo'yilgan shartni o'zi bajarishiga to'g'ri keladi. Maktubni "bilmay" qabul qilgan kishi xatni olib kelgan odamni hovlisining chegarasidan chiqmay turib ushlab olib, xatni uning qo'liga qaytara olmasa, xatda yozilgan shartlarni o'zi bajarishga majbur bo'ladi. Agar "qor xat" muallifga qaytarilsa, unda ko'rsatilgan shartlarni maktub egasining o'zi bajarishi kerak. Vodiyning Chust tumani qishloqlarida "qor xat" olib keladigan odamning maqsadini xonadon egasi sezib qolsa, oldindan uning yo'liga poyloqchi qo'ygan va xat olib kelgan kishini qaytishda ushlab olib, qor bilan yuzlariga ishqalab, qiynaganlar va uning o'zini ziyofat berishga majbur qilganlar. Qor xat yozishdan asosiy maqsad "raqib"ni ziyofatga tushirish bo'lganligi uchun xatda ziyofat qachon, qaerda, necha kishiga berilishi lozimligi albatta ko'rsatilgan. Shuningdek, odatga ko'ra ziyofatga qanday taomlar va nozu ne'matlar tayyorlash sharti aytilib, unga xat muallifi bilan birga boruvchi mehmonlarning nomlari ham ma'lum qilingan. Bunday uslubdagi "qor xat"lar vodiyning deyarli barcha hududlarida yaqin vaqtlargacha o'tkazilib kelingan. Eng muhimi, birinchi qor yoqqan kuni qilingan ziyofat tufayli ginalar, xafagarchiliklar unutilishi, unda suhbat, yalla, qah-qaha avjiga chiqishi lozim ekanligi ta'kidlangan. Farg'ona vodiysida olib borilgan dala tadqiqotlariga ko'ra, bizning davrimizda yozilgan "qor xat"larda ziyofat emas, balki biror bir buyum olib berish yoki biror ko'ngilochar sayilgohlarga olib borish kabi shartlar ko'rsatilmoqda. O'yin tarzida o'tkaziluvchi mazkur marosimdan ko'zlangan asosiy maqsad aslida kelgusi yil hosilining mo'l bo'lishida muhim ahamiyatga ega bo'lgan qorning birinchi bor yog'ishini tantanali ravishda nishonlash, shuningdek, ziyofat uchun tuzalgan dasturxon aslida shukronalik tarzidagi pishirilgan qurbonlik, hadya timsolini bildirgan.

Microsoft Word Ko'rinishida ko'chirib olish  (30,4 KB)